Article
Поделиться:

Adabiyotshunoslik fanining asosiy va tarkibiy qismlari


 

Surxondaryo viloyati, Jarqo'rg'on tumani 21-umumiy o'rta ta'lim maktabi o`qituvchisi

Eshmurodova Shahnoza Shernazarovna

 


Adabiyotshunoslik – keng soha, uning tarixiy rivoji davomida undan maxsus fanlar– folklorshunoslik, adabiyot nazariyasi, adabiy tanqid ajralib chiqqan. Ularning har biri adabiyot hodisalarini o’z predmeti nuqtai-nazaridan o’rganadi va barchasi so’z san’ati xususiyatlarini tekshirgani uchun bir-biri bilan uzviy aloqada bo’ladi, ya’ni bir-birini to’ldiradi, boyitadi, bir-biriga yangilik beradi, xulosalarini asoslaydi va tasdiqlaydi. Pirovard natijada adabiyotshunoslik ilmi yaxlitlilik kasb etadi.

Badiiy adabiyot ikki shakldan iborat: og’zaki (xalq og’zaki ijodi) adabiyot va yozma adabiyot. Ikkalasi ham hayotni badiiy tasvirlash bilan shug’ullanadi, ya’ni bitta vazifani o’taydi. Yozuv paydo bo’lganiga qadar xalq og’zaki ijodi rivojda bo’lgan va u yozma adabiyotning yuzaga kelishiga asos sanaladi. Yozma adabiyotning hamma janrlari ibtidosini, negizini-xalq og’zaki ijodida ko’rish mumkin. Folklor asarlarida xalq ruhiyati, ko’p asrlik ijtimoiy-siyosiy kurash tarixi ifodasini topgan. Xalq hayotining ko’zgusi, ensiklopediyasi, solnomasi sifatida rang-barang boyligi bilan, o’ta ta’sirchan va donolikka o’rangan oddiyligi bilan hamon kishilarni maftun etadi.

Xalq og’zaki ijodi–folklor(inglizcha so’z bo’lib, xalq og’zaki ijodi ma’nosini beradi)ning o’ziga xos tabiatini, poetik xususiyatini, yozma adabiyot bilan munosabatlarini o’rganuvchi fan – folklorshunoslik deb yuritiladi. O’zbek folklorshunosligida – Hodi Zarif, Muzayyana Alaviya, Oxunjon Sobirov, Bahodir Sarimsoqov, To’ra Mirzayev, G’ayrat Jalolov, Juma Qobulniyozov kabi o’nlab olimlarni ko’rsatish va ularning tadqiqotlari bilan tanishish- folklorning mo’jizaviy qudrati bilan oshna bo’lishga yetaklashi, shubhasizdir.

Adabiyot nazariyasi – so’z san’atining mohiyati, ijtimoiy tabiati, taraqqiyot qonunlarini, kishilik va tuzumlar rivojidagi o’rni va ahamiyatini, o’ziga xos xususiyatlarini tadqiq etadi, badiiy asarlarning tahlil qilish mezonlari va unga baho berish me’yorini belgilaydi. Eng asosiysi, badiiy mahoratning hamma qirralarini keng va chuqur o’rganadi va shu asosda umriboqiy mumtoz(klassik) asarlarning qalbini, uning qa’rida yotgan poetik nurni kashf qiladi. A.Fitratning “Adabiyot qoidalari”(1926), O’zFAning ikki tomlik “Adabiyot nazariyasi” akademnashri (1978-1979), I.Sultonning “Adabiyot nazariyasi”(1980), H.Umurovning “Adabiyot nazariyasi”(2001) va sh.k. darslik, tadqiqot, qo’llanmalarning o’ziyoq – adabiyot nazariyasi faniga qiziqishning kuchliligidan xabar beradi. Ayni paytda, ko’plab so’z san’atkor (A.Navoiy, Z.Bobur, B.Mashrab, A.Qodiriy, H.Olimjon, Oybek, G’.G’ulom, P.Qodirov, A.Oripov, O’.Hoshimov, E.Vohidov kabi)larning ham adabiyot nazariyotchilari ekanligi – bu fanning ijodkorlar uchun ham zarur ekanligini va uni o’zlashtirgan – badiiy ijod ustasi bo’la olishini isbotlaydi.

“Predmet tarixisiz predmetning nazariyasi bo’lishi mumkin emas; shu bilan birga predmet nazariyasisiz adabiyotning tarixi haqida hatto fikr bo’lishi ham mumkin emas.. ” (N.G.Cherniyeshevskiy) ligi adabiyot tarixi fanining zarurligini ko’rsatadi. U so’z san’atining vujudga kelishidan boshlab to bugungacha rivojlanish tarixini tadqiq etadi. Hayot va jamiyatlarning tarixiy taraqqiyotida badiiy adabiyotning ahamiyatini, uning tamoyillarini, davrlar adabiyotining o’ziga xosliklarini, ular o’rtasidagi an’ana va yangilik (novatorlik)larni, ijodkorlarning  hayoti va ijodiy faoliyatlarini, davrlashtirish prinsiplarini talqin qiladi.

Bugunga qadar o’zbek adabiyotini ikkita katta davrga bo’lib o’rganish rasm bo’lgan. Birinchisi, eng qadimgi davrlardan boshlab XX asrgacha bo’lgan adabiyot – mumtoz adabiyot tarixi deb yuritiladi. Bu haqda N.Mallayev (“O’zbek adabiyoti tarixi”, 1-jild, 1962), V.Abdullayev (“O’zbek adabiyoti tarixi”, 2-jild, 1964), G’.Karimov (“O’zbek adabiyoti tarixi”, 3-jild, 1966)lar darsliklar yaratishgan. Ikkinchisi, XX asr va XXI asr boshlari adabiyoti – hozirgi zamon adabiyoti tarixidir. 

Bu davr xaqida ocherklar, qo’llanmalar ham yaratildi. I.Sulton, H.Yoqubov, S.Mamajonov, M.Yunusov, O.Sharafiddinov, U.Normatov, S.Mirvaliyev, N.Shukurov, B.Qosimov, N.Karimov kabi hozirgi zamon adabiyoti tadqiqotchilarining asarlarida XX asr adabiyoti muammolari jiddiy tahlil qilindi, yangi ilmiy-nazariy xulosalar chiqarildi. 

Adabiy tanqid – har bir davrning adabiy hodisalari, yozuvchilari ijodi haqida o’z vaqtida muhokama yurgizadi, ularni badiiy adabiyotning vazifalari va o’z zamonasining ijtimoiy talablari nuqtai-nazaridan baholaydi. Davr bilan hamnafas bo’lib, adabiy jarayonga faol aralashadi, ilg’or ijtimoiy tamoyillar va g’oyalarning adabiyotga kirishiga madad beradi; kitobxon ommasining badiiy saviyasi yuksalishiga oziq beradi. Eng asosiysi, ijtimoiy fikr (bugungi kunda mustaqillikning milliy mafkurasi) ning faollashuviga va rivojiga, uning qalblarda o’sishiga samarali ta’sir ko’rsatadi.

Adabiy tanqid ilm va san’atning dialektik o’zaro aloqasining birligidan tashkil topgan “insonshunos”- likdir. Shu bois, V.G.Belinskiy “har ikkisining mazmuni bir, farqi faqat shakldadir”, - degan edi. Demak, tanqidiy asar-san’at asari bo’lishi, unda ilmiylik, chuqurlik, ta’sirchanlik samimiy bo’lishi shartdir; u, ayni paytda, hayotni badiiy o’zlashtirish jarayonini o’rganuvchi va shu jarayon oqimiga ta’sir ko’rsatuvchi ilmdir. Shu sabab har bir adabiy tanqidchining talantida hayotni tadqiq qiluvchi san’atkorlik fazilati bilan badiiy ijod hodisalari haqida haqqoniy hukm chiqaruvchi olimlik xislati jamuljam bo’lishi lozim. U “voqyelikni anglash” va hayotning “hamma masalalariga aralashish” sohasida jamiyatning bugungi taraqqiyot qonunlarini aniq bilish borasida yozuvchi va shoirdan, dramaturg va publisistdan orqada qolmagandagina o’z hunarining mukammal sohibi bo’lishi mumkin. 

“Tanqidchilik talanti kam uchraydi, tanqidchining yo’li qaltis va xatarli yo’ldir” (V.Belinskiy). Lekin bu yo’lni tanlab, adabiyotimiz rivojiga salmoqli hissa qo’shayotgan tanqidchilar safi hozirgi o’zbek adabiyotshunosligida ham anchagina: Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo’shjonov, Ibrohim G’ofurov, Umarali Normatov, Norboy Xudoyberganov, Ibrohim Haqqul, Najmiddin Komilov, Suvon Meliyev, Abdug’afur Rasulov va sh.k.

Adabiy tanqid faqatgina nazariyani amaliyotga bog’lab qo’yish bilan cheklanmaydi. Balki, nazariya sohasini kengaytiradi, tayyor badiiy “mahsulot”dan yangi, hayotiy, nazariy qoidalar yaratadi, san’atkorlarning g’oyaviy fikr doirasini kengaytiradi, mahoratlarini oshiradi. U adabiyotdan o’rganadi va adabiyotga yangiliklar kiritadi, estetikani boyitadi. 

Adabiyotshunoslikning yordamchi sohalari – matnshunoslik (tekstologiya), kitobiyot (bibliografiya), adabiyot o’qitish uslubiyati (metodikasi), manbashunoslik fanlaridir. 

Matnshunoslik (tekstologiya-lat.textus-asos, bog’lanish, yunoncha logos-so’z, fan)-badiiy asarlarning asl matnini yaratish bilan shug’ullanadi. U turli davrlarda yaratilgan, xattotlar tomonidan ko’chirilgan yoki bir necha bor nashr etilgan asarlarning nusxasi yoxud nashrini aniqlaydi, uning nusxa (nashr)larini o’zaro chog’ishtiradi, tahlil qiladi, sharhlaydi va asarning ilmiy-tanqidiy matnini (muallif yozganini) tayyorlaydi.

Jumladan, Alisher Navoiyning o’n besh jildlik asarlari matni tayyorlanib, nashr qilindi. Bu Navoiy asarlarining mukammalligini ta’min etdi, uni tekshirish, tahlil etish, to’g’ri xulosa va saboqlar chiqarishga asos bo’ldi. “Xazoyin ul-maoniy”ga kiruvchi devonlarning tanqidiy matnini Hamid Sulaymon, “Xamsa”ga kiruvchi dostonlarning matnini Solih Mutallibov (“Hayrat ul-abror”), Porso Shamsiyev (“Farhod va Shirin”, “Saddi Iskandariy”), G’ulom Karimov (“Layli va Majnun”), “Mezon ul-avzon”ni Olim Sharafiddinov va Izzat Sulton, “Majolis ul-nafois”ni Suyuma G’aniyevalar nashrga tayyorladilar. 

Bundan tashqari Hamza Hakimzoda Niyoziy, Oybek, H.Olimjon, A.Qahhor kabi san’atkorlarning mukammal asarlari to’plamining nashr etilgani-matnshunoslarimiz zahmatli mehnatining, tinimsiz izlanishining mevasidir. 

Matnshunoslik fanining bo’limlaridan biri atribusiya (lat.attributio-nisbat bermoq) bo’lib, u muallifi noma’lum asarning yaratuvchisini, asar yozilgan joyni, uning qachon yozilgan vaqtini aniqlaydi.

Jumladan, XIX asrning o’rtalarida ba’zi olimlar ingliz dramaturgi, jahon dramaturgiyasining tojdori Vilyam Shekspirning-mohir dramaturg bo’lganiga shubha bildirishgan. Ularning fikrlaricha, V.Shekspir-oddiy aktyor bo’lgan, shoh dramalar yaratishga qodir bo’lmagan. Bunday shubhalar asossizligini atribusiya isbotlagan va V.Shekspirning nomini, san’atini, mohirligini yanada ulug’lagan. “Iliada” va “Odisseya” eposlarining muallifi-Gomer, “Gul va Navro’z” dostonining egasi-Lutfiy ekanligi ham shu soha vakillarining izlanishlari natijasidir.

Kitobiyot (bibliografiya-yunoncha biblion-kitob, grapho-yozaman), turli-tuman asarlarning tematik va xronologik ro’yxatini tuzadi, ularning har biriga siqiq tarzda (kitob muallifi, kitobning nomi, xarakteri, nashriyoti, nashr etilgan yili, chop etilgan joyi, formati, hajmi, bahosi  va sh.k.) izoh beradi, son-sanoqsiz adabiyotlar orasidan keragini tez va oson topib olishni ta’minlaydi. Bibliografiya umumiy bibliografiya (kutubxona misolida olsak, o’sha yerda jamlangan hamma kitoblarning sistemali va alfavitli ko’rsatkichlari)ga, maxsus bibliografiya (Alisher Navoiy yoki H.Olimjon ijodlari bo’yicha tuzilgan ko’satkichlar)ga, tematik bibliografiya (badiiy asar syujeti mavzusidagi adabiyotlar ko’rsatkichi)ga bo’linadi. 

Xullas, bibliografiya o’rganilishi zarur bo’lgan manbalarni aniqlaydi, ularning ilmiy ro’yxatini tuzadi, shuningdek asarlarni baholash metodlari va mezonlarini ham ishlab chiqadi. 

Adabiyot o’qitish metodikasi fani o’rta va oliy maktabda adabiyot o’qitishning asosiy vazifalarini va usullarini o’rganadi. Ayni paytda, o’qitiladigan adabiy materiallarni tanlashga, ularni sinf va kurslarda joylashtirishga va shular asosida o’quvchi va talabalarni estetik tarbiyalashga alohida e’tibor qiladi. Adabiyot va adabiyotshunoslikning tabiati, qonuniyatlariga tayangan holda badiiy asarni idrok etish va o’zlashtirishga ko’makka keladi, uni ilmiy asoslaydi, oson “hazm” qilishning yo’l yo’riqlarini ishlab chiqadi. Dars mashg’ulotlari jarayonida adabiy hodisa va asarlarni tahlil etish, baholash ishi bilan shug’ullanadi.

Demak, adabiyot o’qitish metodikasi fani- o’qituvchining adabiyot ilmidan mukammal bilimga ega bo’lishini va shu bilimni ilmiy, uslubiy jihatidan qiziqarli va zavqli qilib o’quvchi va talabalarga singdirishni talab qiladi. Bu fan o’qituvchisida ilmiy bilimdonlik va pedogogik mahorat  jamuljm bo’lishi, ular birlashib komil insonlarni yetishtirish ishiga xizmat qilishi lozim.


 

 

 

Adabiyotlar

  1. To’xta Boboyev. Adabiyotshunoslikka kirish, T., “O’qituvchi” 1979, 9-18- betlar.
  2. Abdulla Ulug’ov. Adbiyotshunoslikka kirish, T., “Universitet”, 2000, 5-10 betlar.
  3. N.Shukurov, N.Hotamov, Sh.Xolmatov, M.Maxmudov. Adabiyotshunoslikka kirish, T., “O’qituvchi”, 1984, 2-33 betlar.
  4. Erkin Xudoyberdiyev. Adabiyotshunoslikka kirish, T., “O’qituvchi”, 1995, 6-8 betlar.
  5. Hotam Umurov. Tahlil san’ati, T., G’.G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1978, 3-72 betlar.
  6. N.Hotamov, B.Sarimsoqov. Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-o’zbekcha izohli lug’ati, T., “O’qituvchi”, 1979.

 

Calendar

«    Июнь 2024    »
ПнВтСрЧтПтСбВс
 12
3456789
10111213141516
17181920212223
24252627282930

Popular

img
Wear culture
23-01-2023, 18:14
img
Kasrlar haqida tushuncha
5-03-2023, 20:34