Article
Поделиться:

Boshlang`ich sinf o`quvchilarini tabiatga doir tushunchalar bilan shakllantirish

Qaraqalpaqstan Respublikası Kegeyli tumanı

10-sanlı ulıwma bilim beriw mektebi baslawısh klass muģallimi

 

Allamuratova Parshagùl





O`quvchilarga tabiatshunoslikni o`rgatib borish bilan o`qituvchi ularni ta`limni davom ettirish va amaliy faoliyat uchun zarur bo`lgan bilim, o`quv va ko`nikmalar bilan qurollantiribgina qolmay, balki ularning dunyoqarashi, irodasi, xarakterini shakllantiradi, aqliy qobiliyatlarini rivojlantiradi. Shunga ko`ra tabiatshunoslikni o`qitishning shakl va metodlarini ishlab chiqadi.

Tabiat bilan to`g`ri tashkil qilingan muloqot kichik yoshdagi maktab  o`quvchilarida go`zallikni  his etishni boyitadi va chukurlashtiradi, ularda o`z harakati va ishini o`zi baholay olish qobiliyati rivojlanadi, bu xislatlar xulq-atvorning odobiy  hamda axloqiy   normalarini   anglash, atrofdagilarga nisbatan mas`uliyat hamda burchni tarbiyalash uchun   zarurdir. Tabiat bilan muloqot jarayonida  o`rtoqlariga, kattalarga hurmat va  mehr-munosabat vujudga keladi.

Tabiatshunoslikni o`qitish metodikasi  oldida quyidagi vazifalar turadi:

  • umumiy ta`lim va kompleks tarbiya sistemasida tabiatshunoslikning o`quv predmeti sifatidagi ahamiyati va o`rnini aniklash;
  • tabiatshunoslik materiallarini tanlash va birlashtirish (sintez qilish);
  • uning ta`lim hamda tarbiyaviy vazifalarini aniqlash.

Boshlang`ich maktabda tabiatshunoslikni o`qitish tabiat hayotidagi ayrim narsa - hodisalar va o`simliklar, hayvonlar hamda odamning tashqi xususiyatlari bilan tanishtirishdangina iborat emas. Tabiatshunoslikni o`qitish jonli va jonsiz tabiatning har xil ob`ektlari o`rtasidagi, jonli tabiat bilan odamlar mehnati o`rtasidagi o`zaro aloqalarni kichik yoshdagi maktab o`quvchilari tushuna oladigan shaklda ochib berishi, jonajon tabiatga muhabbatni, uning boyligini qo`riqlash va ehtiyotlik bilan foydalanish istaklarini tarbiyalashi kerak.

Boshlang`ich maktab tabiatshunoslik kursi tabiat hodisalarining keng doirasini qamrab oladi, shu munosabat bilan ba`zan o`rganilayotgan hodisalar bilan o`zaro bog`liq holda kuzatishlar olib borish qiyin bo`ladi. Shuning uchun ham tabiatshunoslikni dastlab o`rganish uchun ob`ektlar tanlashda quyidagilarni: o`quvchilarning yosh xususiyatlarini, o`rganilayotgan materialning tushunarli bo`lishini, uning ta`limiy va rivojlantiruvchi ta`sirini, o`lkashunoslik materiali bo`lishini, olingan bilimlarni maktab jonli tabiat burchagi va o`quv-tajriba uchastkasidagi ishlar bajarilishida foydalanish imkoniyatini hisobga olish zarur.

Barcha ta`lim va tarbiyaviy vazifalarning bajarilishi metodlarning to`g`ri tanlanishiga bog`liq. Tabiatdagi mustaqil kuzatishlarsiz kichik yoshdagi o`quvchilarda kuzatuvchanlikni rivojlantirib bo`lmaydi, tirik organizmlarni bevosita o`rganmasdan turib o`simlik va hayvonlar hayotini tushunib bo`lmaydi, o`simliklarni o`stirish va hayvonlarni parvarish qilish bo`yicha amaliy ishlar bajarilmasdan qishloq xo`jalik mehnatining amaliy o`quv hamda ko`nikmalarini hosil qilib bo`lmaydi.

Qo`llaniladigan har qanday metodning ahamiyatini, o`quvchilarning materialni o`zlashtirganligini, ularda zarur tasavvur va tushunchalarning shakllantirilganligini tarbiyaviy natijalarni aniqlamasdan turib bilib bo`lmaydi. Faqat shu ma`lumotlarga asoslanib, har qanday metodni to`g`ri baholash mumkin.

O`qitish metodlari to`g`risidagi masalani ishlab chiqish an  mashg`ulotlarning o`quv jihozlari to`g`risidagi masalalar ham chambarchas bog`liqdir, chunki o`quv qurollari va boshqa jihozlar tabiatshunoslik tasavvurlari va tushunchalarni shakllantirishning asosi hisoblanadi. Tabiatshunoslik metodikasi, shuningdek o`qitishning moddiy bahosi — tabiatshunoslik xonasi, tirik tabiat burchagi, o`quv-tajriba uchastkasi, geografiya maydonchasi, o`qitishning texnika vositalarini tashkil etish va foydalanish masalalarini ham qarab chiqadi, bularsiz tabiatshunoslikni o`qitishni to`g`ri olib borish mumkin bo`lmaydi.

XIX asr o`rtalarida ilg`or pedagogik fikrlarni ifodalovchilardan biri Konstantin Dmitrievich Ushinskiy   (1824—1870) bo`ldi. U kuzatish metodini tabiatni bilib olishda eng samarali metod sifatida ajratdi. Ushinskiy bolalarni tabiat bilan tanishtirishni o`z joyi, o`z o`lkasini o`rganish bilan boshlashni taklif qildi, bunda kitobni o`qish yoki o`qituvchi axborotidan olingan taassurotlarni bola kuzatishlari yordamida tekshira olsin. Ushinskiy ta`kidladiki, o`z joyi tabiatini o`rganishning bosh metodlaridan biri kuzatishdir, chunki ular kuzatuvchanlikni vujudga keltirishga yordam beradi. «Bolalar dunyosi» kitobida Ushinskiy bolalarni nutq rivojlanishining asosida yotuvchi oddiy mantiqiy ishlarga o`rgatish uchun tabiatni qanday kuzatish zarurligini ko`rsatib berdi. 

Kuzatishlar, tajribalar va ekskursiyalar bilan tabiiyot o`qitish sistemasini birinchi bo`lib Aleksandr Yakovlevich Gerd (1841 —1888) taklif qildi. U ta`kidladiki, ko`rgazmali o`qitish bola  idrokining aniq holatiga muvofiq bo`lishi kerak. Gerd shunday sistemani   bunyodga  keltirdiki, unda  tabiiyotni   o`rganish jonsiz tabiatdan boshlanadi, u boshlang`ich sinflarda jonsiz  tabiat  kursini   o`qitish metodikasini ishlab chiqdi. U «Tabiiyot qisqa kursi» nomli darslik, shuningdek «Yer, havo, suv» nomli o`quv qo`llanma va ularni o`qitishga oid «Boshlang`ich maktabda predmetli darslar» nomli metodik qo`llanma (1883) yozdi. Bu kitob uzoq vaqtlargacha jonsiz tabiat kursi  bo`yicha asosiy  qo`llanma bo`lib keldi.

1917 yildayoq V.A.Gerdning «Boshlang`ich maktab kursida alohida predmet sifatida tabiiyot» nomli kitobi nashr etildi, unda muallif tabiiyotni boshlang`ich maktabda maxsus predmet sifatida o`qitish zarurligini isbot qildi. Masalani bunday qo`yilishi tabiiyot bo`yicha tezda yangi dastur tuzishni talab kildi. 1919 yili maorif Komissarligi tomonidan tabiiyot bo`yicha taxminiy dastur tuzildi va tasdiqlandi. Unda ekskursiya va amaliy ishlarga katta e`tibor berildi.

M.N.Skatkin o`z tadqiqotlarida tabiatshunoslik bo`yicha sinfdan tashqari ishlar tashkil qilish metodikasi hamda tabiatni o`rganish bo`yicha mashg`ulotlarda bolalarning bilish faoliyatini faollashtirish masalalariga katta e`tibor berdi. 

1959 yildan boshlab, har yili 1—4 sinf o`quvchilari uchun «Kuzatish kundaliklari» nashr qilinmoqda, uning muallifi V.A.Valerianova o`quvchilarning ob-havoni, o`simlik va hayvonlar hayotidagi o`zgarishlarni, qishloq xo`jaligida odamning mehnat faoliyatini muntazam ravishda kuzatishlarini tashkil qilishda o`qituvchiga yordam berish vazifasini qo`yadi.

Tabiiyot metodikasiga mashhur metodist S.A.Pavlovich (1884—1976) katta hissa qo`shdi, uning ishlari boshlang`ich maktabda tabiiyot darslarini metodik jihatdan to`g`ri tashkil qilishga yordam berdi. Uning «Boshlang`ich maktabda tabiiyot o`qitish amaliyoti» (1939), «Jonsiz tabiat to`g`risidagi tushunchani qanday o`qitish kerak» (1948), «Tabiatshunoslik bo`yicha kitob. Tabiatning asoslari va metodikasi» (1969) nomli ishlari ancha mashhurdir. S.A.Pavlovichning tabiiyot va tabiatshunoslik darslarini o`quv qurollari bilan jihozlash to`g`risidagi kitoblari hozirgi vaqtda ham o`z ahamiyatini yo`qotgani yo`q.

1969 yildagi o`rta umumta`lim maktabi isloxoti-dan keyin tabiatshunoslik 2- va 3-sinflarda mustaqil predmet sifatida o`qitila boshladi va faqat 1-sinfda tabiatshunoslik materialidan o`qish va nutqni rivojlantirish darslarida foydalanildi.

Umum ta`lim va hunar maktablarini islox qilishning asosiy yo`nalishlari munosabati bilan tabiatshunoslikni o`qitish masalalari yangicha hal qilindi. 1986 yildan e`tiboran bolalar 6 yoshdan boshlab o`qitila boshlandi, maktabda o`qitish muddati esa 11 yilgacha ko`paytirildi. Shunday qayta qurish 1—2-sinflarda «Atrof olam bilan tanishtirish» nomli yangi o`quv predmetini kiritish imkoniyatini berdi, u 3—4-sinflarda «Tabiatshunoslik» predmetiga o`tadi.

Kursni o`rganish ikki yo`nalishda olib boriladi. Birinchisi, bolalarni odamlarning ijtimoiy hayoti va mehnati bilan tanishtirishni, xulq-atvor madaniyatini tarbiyalashni nazarda tutadi. Ikkinchisida, tabiat bilan bevosita muloqotda uning bilan tanishtirish, tabiat ob`ektlari va hodisalari to`g`risida tasavvurlar shakllantirish, tabiatga mas`uliyat bilan munosabatda bo`lishni, tabiatdagi xulq-atvor madaniyatini tarbiyalash, tabiat muhofazasida baholi qudrat faoliyat tashkil qilinishi mo`ljallanadi. Tabiat bilan tanishtirish ekskursiyalarda, o`quv sayrlarida, amaliy ishlarda kuzatishlar o`tkazish asosida amalga oshiriladi.

«Atrof olam bilan tanishtirish» predmeti boshlang`ich maktabning boshqa predmetlari bilan chambarchas bog`liqdir. Tabiat va jamiyat hayotini, kishilar mehnatini kuzatish ona tili va rus tili, mehnat ta`limi, tasviriy faoliyat, matematika kabi predmetlarning o`quv materialini yaxshiroq tushunib olishga yordam beradi. Bu darslarda, atrof olam bilan ta­nishtirish bo`yicha mashg`ulotlarda tabiat to`g`risida o`quvchilar oladigan tasavvurlar kengaytiriladi, boyitiladi, katta amaliy yo`nalishga ega bo`ladi.

«Atrof olam bilan tanishtirish» kursining davomi hisoblangan «Tabiatshunoslik» o`z ichiga tabiat fanlarining har xil sohalarini oladi. 3—4-sinflarda tabiatshunoslikni o`rganish jonsiz tabiat bilan jonli tabiat bir butunlikni tashkil qilishi, shuning uchun ham ular o`zaro bog`liq ekanligi to`g`risidagi tasavvur va tushunchalarni izchillik bilan rivojlantirishni nazarda tutadi.

Tabiatshunoslik fanlari taraqqiyotida Markaziy Osiyolik olimlarning xizmatlari. Markaziy Osiyoda yashab o`z asarlari bilan tabiiy fanlar rivojiga barakali hissa qo`shgan olimlarning ishlari va bizgacha yetib kelgan asarlari tabiiyot tarixini o`rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Beruniy 973 yilda Xorazmning Qiyot (hozirgi Beruniy) tug`ilgan. Beruniyning bizga 152 ta kitobi ma`lum bo`lib, ulardan faqat 27 tasigina bizgacha yetib kelgan. Beruniyning o`sha davrda yaratgan buyuk kashfiyotlaridan biri Yerning shar shaklida ekanligini ko`rsatish uchun Globus ixtiro etganligidir.

Beruniy asarlariga tabiatga oid juda ko`p ma`lumotlar kiritilgan. Masalan, O`rta Osiyo, Hindiston, Afg`onistondagi qazilma boyliklar (dorivor o`simliklar, hayvonlar), ularning foydali xususiyatlari haqida ma`lumotlar berilgan. Beruniyning ilmiy qarashlari «Minerologiya», «Hindiston», «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», «Geodeziya» kabi asarlarida keng yoritilgan.  

«Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida Beruniy Eron shimolida keng tarqalgan tropik o`simliklar va hayvonot olamini ta`riflaydi. Beruniyning «Kitob as-Saydana-fit-tibbi» (Tabiatda dorishunoslik) asari 1927 yilda Turkiyaning Bursa shahridagi kutubxonalarning biridan topilgan. Bu kitobda 250 dan ortiq tabib, dorishunos, kimyogar, tabiatshunos, tarixchi, faylasuf, sayyohlar haqida ma`lumotlar keltirilgan. 

Beruniyning tabiy va sun`iy tanlanish haqidagi fikrlari ham diqqatga sazovordir. Agar Yer yuzini bir xil daraxt yoki bir xil hayvon butunlay qoplab olsa, bu holda hayvon va daraxtlarning ko`payishiga, daraxtning o`sishiga o`rin qolmaydi, deb ta`kidlagan edi. Beruniyning «Tabiatda dorishunoslik» asarida dorivor o`simliklar tasnifi ham berilgan. Beruniy o`z asarlari bilan tabiat fani tarixiga asos solgan. 

Abu Ali ibn Sino (980-1037) tabiiyot fanining turli sohalarida ijod qilgan. Ibn Sino tabobat ilmidan tashqari, tibbiyot sohasidagi ishlari, jumladan, «Mexanika», «Fizika» nomli kitoblari tabiiyot fanining rivojlanishida muhim o`rin tutgan. Kitoblarida harakat, kuch, atmosfera bosimi, ob-havo, qor, yomg`ir, do`l, issiqlikning tabiati, yashin va uning turlari, momaqaldiroq hodisasi, tovush, yorug`lik, Quyosh va Oy tutilishi, ko`zning ko`rish sabablari, olamdagi o`simliklar va ularning ahamiyati haqida bayon qilgan.

Ibn Sino dunyoga mashhur «Tib qonunlari» asarini yozgan. Mazkur asar 5 ta kitobdan iborat. Ularda odam tanasi a`zolarining tuzilishi, vazifalari, turli kasalliklar, ularning kelib chiqish sabablari, oddiy va murakkab dorilar, ularni tayyorlash va bu dorilarning tana a`zolariga ko`rsatadigan ta`siri haqida ma`lumotlar keltirilgan. Olim odamdagi ba`zi kasalliklar (chechak, vabo, sil) ko`zga ko`rinmas organizmlar orqali paydo bo`lishini e`tirof etdi. Inson salomatligini yaxshilashda to`g`ri ovqatlanish, tana a`zolarini chiniqtirish muhim ahamiyatga ega ekanligini aytadi. Uning fikricha, Yer asta-sekin o`zgaradi, dengiz va daryolar vaqti kelib o`z o`rnini quruqlikka bo`shatadi. Shu tufayli ko`pgina kishilar suvda yashaydigan hayvonlarni, chunonchi, chig`anoq qoldiqlarini quruqlikda uchratadilar. Ibn Sino o`simlik, hayvon va odamda o`xshashliklar mavjudligi, ularning oziqlanishi, ko`payishi,b o`sishi haqida to`xtalib o`tadi. 

Abu Nasr Forobiy 873 yili Toshkentning shimoli g`arbida joylashgan Forob oilasida xizmatchi oilasida tug`ilgan. Ma`lumotlarga qaraganda Forobiy 70 dan ortiq tilni bilgan. 

Forobiy o`z zamonasining yirik tibbiyot nazariyotchisi edi. U bu sohada o`nlab ilmiy asarlar yaratdi. Asarlarining umumiy miqdori 160 dan ortiq bo`lib, bizgacha 40 ga yaqinigina yetib kelgan. Ular astronomiya, falsafa, tarix, mantiq, psixologiya, musiqa, tabiatshunoslik, tibbiyot, kimyo sohalarini qamrab oladi. 

Yulduzlar haqidagi kitobida osmon jismlari bilan Yerdagi hodisalar o`rtasida tabiiy bog`lanishlar borligini bayon qilgan. Jumladan, Quyosh issiqligi ta`siridagi bug`lanishlar bulut va yomg`ir paydo bo`lishiga sabab bo`lishini aytgan. Oy tutilishi  Yerning Quyosh bilan Oy o`rtasiga tushib qolishiga bog`liqligini ko`rsatgan. Tabiiyot sohasidagi ijodiy ishlari koinot sirlaridan tashqari issiqlik, yorug`lik va tovush hodisalarini o`rganishga ham bag`ishlangan. 

Forobiy inson organizmi, uning faoliyatining bir butun va yaxlit tizimdan iboratligini, kasalliklar asosan ovqatlanishning buzilishi bilan bog`liqligini ko`rsatib o`tdi. Forobiy Yevropa olimlari, xususan rus fiziologi Sechenovdan 1000 yillar avval fiziologiya fanining fundamental asosi bo`lgan birlamchi va ikkilamchi signal sistemasining rivojiga ilmiy asos solgan. Forobiy o`z asarlarida sun`iy (inson yordamida) turlarning vujudga kelishi singari tabiiy ravishda (inson aralashuvisiz) o`simlik va hayvon turlarining paydo bo`lishini ham dunyoda birinchi bo`lib ta`riflab, bu masalani Ch.Darvindan 1000 yil avval hal qilgan edi. 

Al-Xorazmiy jahon matematika fanining asoschilaridan bo`lgan O`rta Osiyo olimlaridan hisoblanadi. Al-Xorazmiy IX asr boshlarida Bag`dodda O`rta Osiyolik olimlar Al-Farg`oniy, Abbos bin Javhariy bilan «Ma`mun akademiyasi» ni boshqara boshlaydi. Bag`dod xalifasi Ma`mun al-Xorazmiyga «Yer va osmon xaritasi» ni tuzish ishini boshqarishni topshirdi. Xarita ustida olimlar 84 yil davomida tadqiqot ishlarini olib bordilar. Xorazmiy bu tadqiqotlarni umulashtirib «Yerning tasviri» nomli asarini yozib, geografiya faniga asos soldi. Bu asar butun dunyo, qit`alar, okeanlar, qutblar, ekvator, sahrolar, ko`llar, o`rmonu barcha mamlakatlar, o`lkalar, u yerdagi hayvonot va o`simliklar dunyosi, boshqa tabiiy xomashyolar, aholi, ularning tarqalish xususiyatlari, urf-odatlari, hunarlari va zichligi haqidagi ma`lumotlarni o`z ichiga oladi.  

Xorazmiy dunyodagi birinchi geografik xaritani tuzishga katta hissa qo`shgan. Xorazmiy astronomiya sohasida ham ko`p ishlar qilgan. U kuzatishlar asosida hindlarning astronomiya jadvallarini har tomonlama tahlil qilib, yangi astronomik jadvallar tuzdi. Uning rahbarligida Yer kurrasining kattaligini aniqlash maqsadida Yer meridianining bir gradusi o`lchab chiqilgan. Xorazmiyning astronomiyaga oid asari, Yerning o`lchamii haqidagi fikrlari, O`rta Sharq, Yevropada astronomiya fanining rivojiga ulkan hissa bo`lib qo`shilgan. Mashhur o`zbek matematigi Muso al-Xorazmiy hozirgi zamon algebra fani va «Algoritm» sohasining «otasi» hisoblanadi. «Algebra» «Al jabr» asaridan, «Algorttm» esa uning nomi al-Xorazmiydan olingan. 

Abu Hanifa Dinavariy (Ahmad ibn Dovud)-tarixchi, tilshunos, botanik olim. Uning bizgacha yetib kelgan tarixiy asari «Kitob axborit-tivol» dir. Dinavariyning «Kitob fin-nabot» (O`simlik haqida kitob) nomli mashhur asari uzoq vaqtlargacha sharq botanik va tabiblari uchun qo`llanma bo`lgan. Asarning bizgacha yetib kelgan ba`zi bir qismlari B.Levin tomonidan ingliz tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan. Abjad tartibida yozilgan bu kitobda 482 xil o`simlikning xususiyati bayon qilingan. Muallif har bir o`simlikni ta`riflashda o`z zamonasi shoirlarining shu o`simlik haqidagi she`rlaridan namunalar keltirgan.

Tabiatshunoslik metodikasining rivojlanish tarixi va hozirgi holati. O`zbek tilida tabiatshunoslik bo`yicha birinchi tarjima adabiyoti 1919 yilda vujudga keldi. Bular «Boshlang`ich jug`rofiya» (A.A.Kruber kitobining ruschadan tarjimasi), «Turkiston» (A.A.Kruberning «Rossiya jug`rofiyasidan ocherklar» kitobining ruschadan tarji­masi), T.N.Qori Niyoziyning o`qituvchilar uchun qo`llanma hisoblangan   «Tabiatning  parchasi» va boshqalar edi.

1927—1929 yillarda birinchi bosqich maktablar uchun o`lkashunoslik darsliklari — «Kichik turkistonlik» va «Bizning o`lka», «Tabiiyot bo`yicha o`qish kitobi» va boshqa mahalliy tabiatshunoslik materiali asosida tuzilgan darsliklar nashr qilindi.

1948 yildan e`tiboran boshlang`ich sinflarda tabiiyotni o`qitish sistemasi o`zgardi. 1—3- sinflarda tabiatshunoslik materiali izohli o`qish darslarida o`rganila boshlandi. 1948 yili Ye.M.Belskaya shu dasturga asoslanib «Rus tilida o`qish olib boriladigan O`zbekiston maktablarining 1—4 sinflari uchun dastur» — metodik yo`l-yo`riqlar yaratdi, unda 1—3-sinf o`quvchilari bilan darslar va darsdan tashqari vaqtlarda (o`qituvchi pahbarligida) kuzatish va tajribalar o`tkazilishiga alohida e`tibor berildi.

1960 yildan barcha sinflarda o`qitish politexnizatsiyalash-tirilishi munosabati bilan yangi dasturlar joriy qilindi. Bunda 3—4 sinflardagi tabiatshu­noslik darslari mehnat darslari bilan almashtirildi. Tabiatshunoslik faqat 4- sinfda qoldirildi, buning uchun 1961 yili O`zbekistonning tabiiy sharoitlari, o`simlik va hayvonot dunyosining o`ziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi «Tabiatshunoslik» darsligi (Ye.M.Belskaya va b.) yaratildi.

70-yillarda O`zbekiston maktablarining yangi o`quv rejasi va dasturlariga o`tilishi munosabati bilan 2—3 sinflarda «Tabiatshunoslik» predmeti kiritil­di, uni o`rganishga rus tilida o`qish olib boriladigan sinflarda 35 va 70 soatdan, o`qish o`zbek tilida olib boriladigan sinflarda 35 soatdan vaqt ajratildi.

1972 yili Ye.M.Belskaya tahriri ostida rus va uzbek tillarida 2-sinf uchun «Tabiatshunoslik» darsligi nashr qilindi. Bu darslik uch yillik boshlang`ich maktab dasturi bo`yicha qo`llaniladi. U qiziqarli mazmuni bilan farq qiladi, ikkinchi sinf o`quvchilarining yosh xususiyatini hisobga olgan holda tu­zilgan va O`zbekiston o`simliklari va hayvonot dunyo­sining tipik xususiyatlarini aks ettiradi.

1974 yili 3-sinf uchun «Tabiatshunoslik» darsligi nashr qilindi. Unda «O`lkamizning tabiati» mavzusiga katta e`tibor berildi. Uni o`rganish 2-sinfda o`tkazilgan kuzatishlarni umumlashtirish bilan boshlanar va tabiatdagi mavsumiy o`zgarishlarni hisobga olgan holda olib borilar edi. Topshiriqlar O`zbekistonning jonsiz tabiati ob`ektlari, o`simliklari va hayvonlarini kuzatishlardan maksimal foydalanishni nazarda tutgan.

O`qituvchilar uchun metodik qo`llanmalar nashr qilingan bo`lib, ularda tabiatshunoslik kursi metodikasi 2—3 sinflardagi shu predmetni o`rganish xususiyatlari hisobga olingan holda bayon qilingan.

1986 yildan boshlab to`rt yillik boshlang`ich ta`limga o`tish munosabati bilan boshlang`ich maktab uchun, atrof olam bilan tanishtirish va tabiatshunoslik bo`yicha dasturlar hamda «Atrof olam bilan tanishti­rish» va «Tabiatshunoslik» kurslari bo`yicha o`quv-metodik komplekslar (darsliklar, metodik qo`llanmalar, kuzatishlar kundaligi) nashr qilindi. Tabiatshunos­lik tsikli bo`yicha o`quv kompleksi sistemaliligi, mazmunni rivojlantirilishi, sinfdan-sinfga o`tgan sari asta-sekin chuqurlashtirib va kengaytirib borilishi, tuzilishga yagona yondashish, strukturaning vorisligi bilan ta`minlangan.

Bolalarning atrofimizdagi olamni muntazam o`rganib borishlariga asoslanib, kichik yoshdagi o`quvchilarda tabiat to`g`risida, o`z joyi va barcha mamlakatning tabiiy boyliklari to`g`risida bir butun tasavvur shakllantirish kerak. O`quvchilar Vatanimizning ta­biiy boyliklaridan odamlar o`zlarining mehnat faoliyatlarida qanday foydalanayotganliklari bilan tanishishlari lozim. Bunda bolalarga odamlar mehnati atrof tabiat bilan chambarchas bog`liq ekanligini ko`rsatish g`oyat muhimdir.

SHu talablarga ko`ra kichik yoshdagi o`quvchilarga:

  • jonli va jonsiz tabiat to`g`risida aniq bilimlar berish, ylarning o`zaro bog`liqligini ochib berish;
  • odam organizmi va uning salomatligini saqlash to`g`risida ma`lumotlar berish;
  • tabiatda  kuzatishlar o`tkazish o`quvi va  ko`nikmalari bilan qurollantirish;
  • tabiatdan oqilona foydalanish va uning boyligini ko`paytirishga qaratilgan insonning mehnat faoliyati bilan tanishtirish;
  • jonajon tabiatga muhabbat, uni muhofaza qilishga intilishni tarbiyalash.

Umum ta`lim va hunar maktablarini isloh qilishning asosiy yo`nalishlariga muvofiq tabiatshunoslik dasturiga kiritilgan o`zgarishlar ko`rsatilgan vazifa­lar bilan bir qatorda tabiatshunoslik kursida o`quvchilarning ekologiya, mehnat va gigiena tarbiyasiga e`tiborni yanada kuchaytirishni, «har bir o`quvchi gi­giena va meditsina sohalarida minimum bilimni egallash, yoshligidan o`z organizmini bilishi, uni tartibli saqlay olishi» uchun sharoitlar yaratilishini nazarda tutadi.

Tabiatshunoslikni o`qitish jarayonida dunyoni ilmiy tushunish asoslarini shakllantirish uchun tabiatga insonparvarlik munosabatini, vatanparvarlikni va go`zallikni tushunishni tarbiyalash ke­rak.

Zamonaviy pedagogika ta`lim va tarbiyaga tarbiyalovchi ta`lim deb atalmish yagona jarayonning ikki tomoni deb qaraydi. Ta`limning tarbiyalovchilik harakteri uning mazmuni bilan belgilanadi. Shuning uchun ham tabiatshunoslikni o`qitish o`qituvchiga o`quvchilar tafakkurini, ularning ijodiy va bilish faolligini rivojlantirish uchun boy material beradi. Tabiatshunoslik bo`yicha barcha mavzular kompleks tarbiya masalarini aks ettiradi.

O`quvchilarga bilimni bayon qilish metodlari ham tarbiyaviy ahamiyatga ega, o`quvchilarning barcha faoliyatlari bilimlarni o`zlashtirish jarayoni bilan bog`liqdir.

Shu munosabat bilan ham tabiatshunoslikni o`qitish o`qituvchi uchun tarbiyaviy ishlarga katta imkoniyatlar beradi. Tabiatshunoslikni o`qitishda og`zaki, ko`rgazmali, amaliy va boshqa metodlardan foydalaniladi. Bolalarning ijodiy faolligi, individual qobiliyatlarini ochishga qaratilgan metodlar tobora ko`proq qo`llanilmoqda.

Tabiatshunoslik bo`yicha mashg`ulotlarni sinfdan va maktabdan tashqari tadbirlar: ochiq havodagi o`yinlar, o`lkashunoslik ekskursiyalari, yurishlar bilan chambarchas bog`lamoq zarur.

Bularning hammasi o`qituvchiga tabiatshunoslik bo`yicha o`quvchilar bilan shug`ullana borib, ularni faqat yaxshi bilim olishgagina emas, balki ular shaxsini shakllanishiga ta`sir ko`rsatishga ham imkon beradi. Boshlang`ich sinflarda tabiatshunoslikni o`qitishning maqsadi — botanika, zoologiya, ekologiya, anatomiya, fi­ziologiya, gigiena, jo`g`rofiya fanlarining elementar asoslarini berishdir.

Tabiatshunoslik  darslari — bu mehnat tarbiyasi maktabi hamdir. Aniq misollarda o`quvchilarni odam mehnati — uning jismoniy va ma`naviy sihatligining manbai ekanligiga ishontirib, o`qituvchi mehnatga muhabbatni, astoydil mehnat qilish istagini, mehnat ahliga hurmatini tarbiyalaydi. Bu 1-sinfda «Maktab xodimlari mehnatiga hurmat», «Maktaboldi uchastkasidagi ishlarda qatnashish», «Ishlab chiqarishda band odamlarning kasblari»; 2-sinfda «Kun tartibidagi mehnatning turlari», «Maktab mulkiga ehtiyotlik munosabati», «Xona o`simliklarini parvarish qilish», «Qurilishlarda, zavod va fabrikalarda ishlovchi odamlarning kasblari», «Mavsumlar bo`yicha maktab­oldi uchastkasidagi ishlar»; 3-sinfda «Tabiatdan foydalanish va uni muhofaza qilish bo`yicha odamlar mehnati», «Mehnat va dam olish rejimi (tartibi)», «Dalada, borda, polizda odamlar mehnati», «Maktab­oldi uchastkasida odamlar mehnati», «Foydali qazilmalarni olish»; 4- sinfda «CHo`llarda, dashtlarda, o`rmonda, tog`larda, tundrada odamlar mehnati», «Yer osti boyliklari, suv, havo, o`simliklar, hayvonlar muhofazasi bo`yicha odamlar mehnati» mavzularidir. Shunday qilib mehnat mavzusi o`quvchilarning tarbiyasida katta o`rin egallaydi.

Tabiatshunoslik o`zining mazmuni va metodlari bi­lan o`quvchilarni har tomonlama tarbiyalash uchun cheksiz imkoniyatlarga ega.

Tabiiyot — dunyo fani va shuning uchun ham tabiat­shunoslik darslari o`quv materiali mazmunini yetkazishning o`ylab chiqilgan metodikasini talab qiladi, uning asosiy maqsadi bilimlar yig`indisini faqat esda qoldirish bo`lib qolmasdan, balki ularni ishonchga aylantirish hamdir. Ishonch insonlarga, atrof olamga bo`lgan munosabatda, odatlarda, ish tutishda, xulq-atvorda namoyon bo`lishi kerak. Bunda birinchi o`ringa tabiatshunoslikning turmush bilan aloqasi chiqariladi. 

Bu vazifalarni osonlashtirish uchun ko`rgazmali materiallardan, diafilmlardan, markaziy va mahalliy davriy matbuot materiallaridan, kino va telefilmlarni (ularning o`qituvchi bilan birga ko`rganlaridan keyin) muhokama qilishdan, Mehnat Veteranlari, mashhur paxtakorlar, chorvadorlar, ishlab chiqarish ilg`orlari to`g`risida hikoya qiluvchi kitoblardan, stendlardan    keng  ko`lamda  foydalanmoq   lozim.

Tabiatshunoslik vositasida amalga oshiriladigan kompleks   tarbiya  faqat darslardagina  emas, balki o`quvchilarning sinfdan va maktabdan tashqari faoliyatlarida (ekskursiya, sinfdan tashqari mashg`ulot, maktaboldi uchastkasidagi ishlar va boshqalarda) ham muntazamlilik hamda rejalilikni talab qiladi.

Jonajon o`lka tabiati — daryolar, tog`lar, o`rmon massivlari to`g`risidagi matnlarni o`rgana turib, mamlakat hamda jumhuriyatning xalq xo`jaligi uchun ularning ahamiyatini ta`kidlab o`tish zarur. Bunday ma`lumotlar vatanparvarlik hissini, Vatan bilan iftixorlanishni tarbiyalaydi va o`quvchilar tarbiyasida muhim omil hisoblanadi.

Calendar

«    Декабрь 2023    »
ПнВтСрЧтПтСбВс
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
25262728293031